Xonqa tuman 14-son DMTT. Ota-onalarga tashkilotning "Kuzatuv kengashi"xaqida ma'lumot.
Xonqa tuman 14-son DMTT. Ota-onalarga tashkilotning "Kuzatuv kengashi"xaqida ma'lumot
Maktabgacha ta’lim tashkilotining kuzatuv kengashi
NIZOMI
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentyabrdagi PK-3955-son “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risda”gi qaroriga muvofiq maktabacha ta’lim tashkiloti Kuzatuv kengashining (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) maqsadi, vazifalari hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar.
- Mazkur Nizom davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) tatbiq etiladi.
Mazkur Nizom nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hususiyatga ega.
- Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat ro‘yhatidan o‘tkazilmaydi.
Kengash tashkilotni boshqarishda strategik organ hisoblanadi.
- Kengashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
- Tashkilotning ustuvor vazifalarini belgilash;
- Мaktabgacha ta’lim tuman bo‘lim (bundan buyon matnda hududiy bo‘lim deb yuritiladi) tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorini saylash;
- Tashkilotning maqsadlari va vazifalarini hamda ularga erishish rejalarini tasdiqlash;
- Tashkilotda amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib borish;
- Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari, farmonlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda boshqa qonun hujjatlari, shuningdek tashkilotning Ustavi hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.
- Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- Hududiy bo‘lim tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan tashkilot direktorini saylash, shuningdek uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;
- Tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
- Tashkilot faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va harajatlar, byudjet va byudjetdan tashqari hamda xomiylik mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tashkilot direktorining hisobotlarini tinglash;
- Tashkilotning yillik moliyaviy rejalarini, ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va tashkilot mulkidan foydalanganlik uchun ijara xaqi miqdorini, shu jumladan auksiondagi boshlang‘ich narxni tashkilot direktorining ishtirokida tanishib chiqish va takliflar berish;
- Tashkilot direktori, pedagog va boshqa xodimlarining faoliyati bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;
- Tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni yaxshilash bo‘yicha ota-onalar va jamoatchilik tashkilotlari va xomiylar bilan hamkorlik qilishda amaliy yordam ko‘rsatish;
- Tashkilotni rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha ta’lim tashkiloti direktorining dastur va rejalari yuzasidan hududiy bo‘limga takliflar kiritish;
- Tashkilotning xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha hududiy bo‘limga takliflar berish.
3-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish va tarkibini shakllantirish.
- Tashkilotda bolalarning sifatli ta’lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkilot direktoriga ko‘maklashish uchun har-bir tashkilotda Kengash tashkil etiladi.
- Kengash 11 kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Bunda, Kengash tarkibiga tashkilotning pedagoglari orasidan 2 nafar, tarbiyachi yordamchilari orasidan 2 nafar, tashkilot ma’muriyatidan 1 nafar, tegishli hududiy bo‘limdan 1 nafar, jamoat tashkilotlar va xomiylar orasidan 2 nafar hamda har-bir guruhda tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan kamida 3 nafar a’zo kiritiladi.
Kengash a’zolarining soni cheklanmaydi.
- Kuzatuv kengashi har-bir guruhdagi tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, pedagoglar, tarbiyachi yordamchilari, maktabgacha ta’lim tashkiloti ma’muriyati, hududiy bo‘lim xodimlari orasidan shakllantiriladi.
- Kengashning birinchi yig‘ilishida ishtirok etayotgan a’zolar umumiy sonining oddiy ko‘pchilik ochiq ovoz berish orqali Kengash raisi va kotibi saylanadi. Bunda, Kengash raisi va kotibi Kengash a’zosi hisoblangan ota-onalar orasidan saylanadi.
- Kengash tarkibi 3 yil muddatda saylanadi. Bunda Kengash tarkibi har o‘quv yili boshida ko‘rib chiqilishi mumkin.
- Kengash a’zolarining saylashda tashkilotda tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (ulardan biri) ishtirok etishi mumkin.
- Kengash a’zolari tashkilot tarbiyalanuvchilari ota-onalarining umumiy yig‘ilishida ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.
- Kengash a’zosi etib saylangan ota-onalarning farzandlari tashkilotda tarbiyalanuvchilar qatoridan chiqarilganda, kengashning ushbu a’zosi kengash a’zolari qatoridan chiqariladi va uning o‘rniga ota-onalar orasidan boshqa a’zo saylanadi.
- Tashkilot ma’muriyati xodimlari, pedagoglar, tarbiyachilar, tarbiyachi yordamchilari Kengashga yashirin ovoz berish orqali saylanadi va tashkilot pedagogik kengashining qarori bilan tasdiqlanadi.
- Kengash a’zoligiga hududiy bo‘lim vakili tegishli tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi buyrug‘i bilan tayinlanadi.
- Tashkilotning rahbari yoki uning o‘rinbosarlari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari Kengash a’zolari sifatida saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Kengash a’zosi Kengashining yig‘ilishlarida surunkali 3 marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, u Kengash a’zolari tarkibidan chiqariladi.
4-bob. Kengash yig‘ilishlarini tashkil qilish va o‘tkazish.
- Kengashning birinchi yig‘ilishi tashkilot direktori tomonidan tashkillashtiriladi va o‘tkaziladi.
- Kengash har chorakda kamida bir marta yig‘iladi.
- Kengash yig‘ilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
- Kengash yig‘ilishida uning umumiy a’zolaridan 60 foizi ishtirok etganda Kengash qaror qabul qilishi mumkin.
- Kengash o‘z faoliyatini daxlsizlik, oshkoralik, shaffoflik, adolatlilik tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi.
- Kengash qarorlari a’zolarning teng huquqliligi asosida oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan hollarda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
- Kengash yig‘ilishlariga Kengash raisi raislik qiladi.
- Kengash raisi o‘z vakolatini vaqtincha bajarish imkoniyati bo‘lmagan hollarda (xizmat safari, ta’til va kasallik davrida), uning vazifasini bajarish Kengash a’zolaridan biriga vaqtincha yuklatiladi. Bunda, tashkilot va hududiy bo‘lim xodimlariga yuklatilshi mumkin emas.
- Kengash yig‘ilishida tashkilot direktori yoki uning o‘rinbosarlari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
- Kengash yig‘ilishlari mazkur Nizom talablariga muvofiq tashkillashtirilishi va o‘tkazilishi hamda hujjatlarning to‘g‘ri va to‘liq rasmiylashtirilishi uchun Kengash raisi mas’ul hisoblanadi.
- Kengash yig‘ilishi o‘tkazilishidan kamida 10 kun oldin yig‘ilish o‘tkaziladigan kun, vaqti, joyi va muhokama etiladigan masalalar haqida Kengash a’zolari xabardor qilinishi lozim. Kengash a’zolarini xabardor qilish uchun Kengash raisi mas’ul hisoblanadi.
- Tashkilot direktori Kengash yig‘ilishlarini o‘tkazish va uning ishini tashkil qilish (hujjatlarni rasmiylashtirish va saqlash uchun zarur bo‘lgan xona, tashkilot faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar va kanselyariya jihozlari) uchun mas’ul hisoblanadi.
- Kengashning faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda tashkilotning rasmiy veb-saytida, ommaviy axborot vositalarida yoki tashkilotning barcha ko‘rishi mumkin bo‘lgan joyiga joylashtirish tavsiya etiladi.
- Kengash yig‘ilishlari o‘tkazilganligi haqidagi bayonnomalar Kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan kundan boshlab 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda hududiy bo‘limga taqdim etilishi lozim.
5-bob. Kengashning huquq va vakolatlari.
- Kengash o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
- Tashkilotning tegishli davrdagi faoliyati bo‘yicha tashkilot rahbaridan ma’lumotlar so‘rash va olish;
- Tashkilotning moliyaviy hisobotlari bilan tanishish;
- Xomiylik va xayriya mablag‘larining kirim qilinishi va sarflanishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish;
- Tashkilot pedagog xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati, obro‘sini himoya qilish bo‘yicha takliflar kiritish.
6-bob. Yakuniy qoidalar.
- Kengashning faoliyatiga tashkilot direktori, hududiy bo‘lim, mahalliy xokimliklar va boshqa tashkilotlarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Tashkilotda tarbilanuvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan tashkilot direktori, Kengash a’zolari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘lari yig‘ish qat’iyan ta’qiqlanadi.
- Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
- Kengash raisi, kotibi va a’zolari jamoatchilik asosida amalga oshiradigan kuzatuv kengashidagi faoliyati yuzasidan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
